57-modda. Shaharsozlik faoliyatining moliyaviy taʼminoti
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi · Sana: 04.04.2002 · Amalda
Shaharsozlik faoliyatini moliyalashtirish davlat budjeti mablagʻlari, buyurtmachilarning oʻz mablagʻlari va jalb qilingan mablagʻlari, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirishda ulushbay ishtirok etishi hisobidan amalga oshiriladi.
Shaharsozlik faoliyatini davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish:
ushbu Kodeks 26-moddasi birinchi qismining 1, 2, 3, 4-bandlarida nazarda tutilgan shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda;
shaharsozlik faoliyatining ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishda, shaharsozlik normalari va qoidalarini ishlab chiqishda;
favqulodda ekologik holatlar va ekologik falokat zonalarini, tarixiy manzilgohlarni, umumdavlat ahamiyatiga molik muhandislik, transportga oid hamda ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirishning belgilangan maqsadli umumdavlat dasturlarini, boshqa belgilangan maqsadli umumdavlat dasturlarini ishlab chiqishda va amalga oshirishda, shuningdek davlat shaharsozlik kadastrini yuritishda amalga oshiriladi.
Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishni moliyalashtirish ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan manbalardan tashqari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tasarrufiga davlat korxonalarini xususiylashtirishdan tushadigan mablagʻlarning bir qismi hisobidan ham amalga oshiriladi.
Agar hududni shaharsozlik jihatidan oʻzlashtirish davlat manfaatlari, mintaqalararo manfaatlar yoki aholi punktlari guruhlari manfaatlariga daxl etadigan boʻlsa, shaharsozlikning oʻzga faoliyatini moliyalashtirish uchun davlat mablagʻlaridan foydalaniladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy davlat hokimiyati organlari har yilgi qurilishlarning manzili koʻrsatilgan roʻyxatlarini tuzishda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilishini, kompleks muhandislik qidiruvlari oʻtkazilishini, aholi punktlarini mikroseysmik hududlarga boʻlish xaritalari, tabiatni muhofaza qilish hududiy kompleks tarhlari tuzishni, joriy qurish ustidan mualliflik nazorati hamda aholi punktlari bosh rejalari amalga oshirilishi monitoringi shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar tomonidan oʻtkazilishini, shaharsozlik hujjatlari kelishib olinishi va ekspertizadan oʻtkazilishini mahalliy budjet hisobidan moliyalashtirishni nazarda tutishlari kerak.
