56-modda. Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda yer uchastkalariga doir servitut va yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni saqlash vazifasi
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi · Sana: 04.04.2002 · Amalda
Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda servitut binolar va inshootlar mulkdorlarining manfaatlari quyidagi ishlarni bajarishda oʻzga yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqisiz taʼminlanishi mumkin boʻlmagan taqdirda belgilanadi:
binolar va inshootlarning qurilishi, rekonstruksiyasi va taʼmirlanishi;
muhandislik infratuzilmasi obyektlarining qurilishi, rekonstruksiyasi, taʼmirlanishi va ulardan foydalanilishi;
hududlarni suv toshish va suv bosishdan himoyalash ishlari oʻtkazilishi;
oʻzga yer uchastkasi orqali piyoda yoki transportda oʻtish;
binolar va inshootlar mulkdorlarining oʻzga ehtiyojlarini taʼminlash.
Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni saqlash vazifasi yer uchastkalari mulkdorlari, egalari va bunday uchastkalardan foydalanuvchilar majburiyatlarini va ularning huquqlari cheklanishini qamrab oladi hamda shaharsozlik hujjatlari va qurish qoidalari asosida belgilanadi.
Yer uchastkalariga doir servitutning va yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni saqlash vazifasining joriy etilishi hamda bekor qilinishi tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
