39-modda. Loyiha-smeta hujjatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi · Sana: 04.04.2002 · Amalda
Loyiha-smeta hujjatlari hajmiy-rejali, amaliy va texnikaviy yechimlarni, binolar, inshootlar va boshqa obyektlarning qurilishi, rekonstruksiyasi hamda kapital taʼmirlanishi, shuningdek obodonlashtirish ishlari qiymatini belgilaydi.
Loyiha-smeta hujjatlari shaharsozlik hujjatlari, shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq ishlab chiqiladi, qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining tegishli tarkibiy boʻlinmalari, sanitariya-epidemiologiya xizmatlari, yongʻinga qarshi nazorat xizmatlari, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari va boshqa xizmatlar bilan kelishib olinadi.
Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, moliyalashtirish, tasdiqlash va ulardan foydalanish tartibini belgilash, ularga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish buyurtmachining tashabbusi bilan va uning hisobidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Belgilangan tartibda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari obyektlar qurilishi uchun ruxsatnoma berishga asos boʻladi.
