38-modda. Qurish loyihalari
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi · Sana: 04.04.2002 · Amalda
Qurish loyihalari batafsil rejalashtirishning tasdiqlangan loyihasi asosida, belgilangan qizil chiziqlar chegaralarida yoki yer uchastkalari chegaralarida ishlab chiqiladi.
Qurish loyihalari:
qurishni tartibga solish chiziqlarini;
binolar va inshootlarning joylashuvi, necha qavatliligi, turi hamda boshqa tavsiflarini;
qurishning arxitektura yechimini;
muhandislik uskunalari, aloqa va obodonlashtirish tizimlarini, shuningdek mazkur tizimlarni aholi punktlarining yer uchastkalari, mavzelari, dahalari va rejalashtirilgan tuzilmasining boshqa qismlari doirasidan tashqarida boʻlgan muhandislik uskunalari, aloqa hamda obodonlashtirish tizimlari inshootlari va kommunikatsiyalariga ulash shartlarini;
transport vositalari va piyodalar harakati qanday tashkil etilishini;
umum foydalanishdagi hududlarni belgilaydi.
Tumanlarning, shaharlarning davlat hokimiyati organlari qurish loyihalariga mahalliy sharoitlardan kelib chiqib, shaharsozlik normalari va qoidalariga zid boʻlmagan qoʻshimcha talablar, shu jumladan madaniy meros obyektlarining muhofaza zonalarida loyihalashtirish va qurilish ishlarini olib borishga, hududlarni koʻkalamzorlashtirishga, kichik shakldagi arxitektura obyektlarini, reklama, peshlavhalar va boshqa axborotni joylashtirishga doir talablar kiritishga haqli.
