82-modda. Genderga oid auditni oʻtkazish va uning natijalarini koʻrib chiqish tartibi
Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida (O‘RQ-562-son) · Sana: 02.09.2019 · Amalda
Genderga oid audit tasdiqlangan uch yillik rejaga asosan Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida jamoatchilik nazorati doirasida oʻtkaziladi.
Genderga oid audit davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda genderga oid auditni oʻtkazish uslubiyati asosida oʻtkaziladi.
Genderga oid auditni oʻtkazish uchun tegishli sohada zarur bilimga va ish tajribasiga ega boʻlgan mutaxassislar jamoatchilik asosida jalb etilishi mumkin.
Genderga oid audit natijalariga doir axborot va takliflar genderga oid audit oʻtkazilganidan keyin Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasiga oʻn ish kunidan kechiktirmay yuboriladi.
Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi genderga oid audit natijalariga doir axborotni va takliflarni bir oy ichida koʻrib chiqadi. Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi genderga oid audit natijalariga doir axborotni va takliflarni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga, shu jumladan kadrlar siyosatini olib borishda genderga doir kompleks yondashuvni bosqichma-bosqich joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilaydi va ularning amalga oshirilishini nazorat qiladi.
Genderga oid audit natijalari toʻgʻrisidagi axborot Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
