7-modda. Gender-huquqiy ekspertiza
Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida (O‘RQ-562-son) · Sana: 02.09.2019 · Amalda
Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining gender-huquqiy ekspertizasi davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan faoliyatning tegishli yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkaziladi.
Normativ-huquqiy hujjatning yoki uning loyihasining xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini taʼminlash prinsiplariga nomuvofiqligi aniqlangan taqdirda, gender-huquqiy ekspertiza xulosasi ushbu normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqqan yoki qabul qilgan organga koʻrib chiqish uchun yuboriladi.
Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining gender-huquqiy ekspertizasi:
jins boʻyicha bevosita va bilvosita kamsitish imkonini yaratadigan normativ-huquqiy hujjatning yoki uning loyihasining xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini taʼminlash prinsiplariga muvofiq emasligini aniqlashga;
jinsi boʻyicha bevosita va bilvosita kamsitish imkonini yaratadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasini qabul qilish oqibatlarini umumiy baholashga;
normativ-huquqiy hujjatlarning qoʻllanilish jarayonida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan, kamsitish xususiyatiga ega xavflarni aniqlashga;
jinsi boʻyicha bevosita yoki bilvosita kamsitishga yoʻl qoʻyadigan, aniqlangan normalarni bartaraf etishga yoʻnaltirilgan tavsiyalarni ishlab chiqishga qaratilgandir.
