27-modda. Sogʻliqni saqlash sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari
Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida (O‘RQ-562-son) · Sana: 02.09.2019 · Amalda
Davlat quyidagilarni kafolatlaydi:
xotin-qizlar va erkaklarning sogʻliqni saqlash sohasidagi oʻz huquqlarini amalga oshirishga, shu jumladan malakali tibbiy xizmat koʻrsatilishiga, qulay tibbiy xizmatlardan foydalanishga, oilani rejalashtirishga va reproduktiv salomatlikni himoya qilishga boʻlgan teng imkoniyatlarini;
zarur boʻlgan hollarda, xotin-qizlarning turli ehtiyojlarini hisobga olib, ayniqsa, homiladorlik, tugʻish davrida va tugʻishdan keyingi davrda xotin-qizlarga bepul xizmatlar koʻrsatgan, shuningdek homiladorlik va emizish davrida tegishli oziq-ovqat bilan taʼminlagan holda, sogʻliqni saqlash sohasidagi strategiya va dasturlarning amalga oshirilishini;
tibbiy taʼlim sohasida reproduktiv salomatlikni mustahkamlashga, jins boʻyicha bevosita va bilvosita kamsitishlarning oldini olishga qaratilgan tashabbuslarni qabul qilishni;
sogʻliqni saqlash sohasida xotin-qizlar va erkaklar oʻrtasidagi tafovutlarni hisobga oluvchi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga koʻmaklashishni.
