26-modda. Taʼlim, ilm-fan hamda madaniyat sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari
Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida (O‘RQ-562-son) · Sana: 02.09.2019 · Amalda
Davlat taʼlim olish huquqini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklarga teng imkoniyatlar yaratilishini taʼminlaydi.
Davlat quyidagilarni kafolatlaydi:
xotin-qizlar va erkaklarning taʼlim olish, qayta tayyorlash va malaka oshirishning barcha turlaridan foydalanishga, taʼlim va ilmiy jarayonni amalga oshirishda ishtirok etishga hamda madaniyatdan, madaniy qadriyatlar va merosdan foydalanishga doir teng huquq va imkoniyatlarini;
turli taʼlim dasturlariga gender mavzusini joriy etish orqali fuqarolarning genderga oid maʼrifatini oshirishga koʻmaklashishni;
jinslardan birining ustunligi gʻoyasiga asoslangan notoʻgʻri tasavvurlardan xoli oʻquv adabiyotlarini tayyorlash va chop etishni;
oʻquv dasturlari va darsliklarni jins boʻyicha kamsitishga yoʻl qoʻymaslik prinsipiga muvofiqlik yuzasidan muntazam ravishda monitoring qilishni;
gender siyosati amalga oshirilishini taʼminlash masalalari boʻyicha aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan axborot-maʼrifiy tadbirlarni ragʻbatlantirish va har tomonlama qoʻllab-quvvatlashni.
Taʼlim sohasidagi vakolatli organ taʼlim dasturlarini, taʼlim muassasalarining dasturlarini hamda rejalarini ularning xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini taʼminlash prinsiplariga muvofiqligi jihatidan ekspertizadan oʻtkazishni taʼminlaydi.
Oliy taʼlim muassasalarining taʼlim dasturlari va malaka oshirish kurslari xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash boʻyicha kursni oʻz ichiga olishi kerak.
