45-modda. Mualliflik huquqlarini boshqarish
Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida (272-I-son) · Sana: 30.08.1996 · Amalda
Huquq egasi oʻziga tegishli huquqni oʻe xohishiga koʻra shaxsan amalga oshirishga haqlidir.
Huquq egasidan boshqa shaxslar mualliflik huquqlarini faqat huquq egasining roziligi bilan va u bergan vakolatlar doirasida boshqarishlari mumkin, vakillikni qonuniy vakil amalga oshiradigan hollar bundan mustasno.
Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarning egalari zimmasiga mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni boshqarish yuklatiladigan tashkilotlarni tuzishlari mumkin. Bunday tashkilotlar huquq egalari bilan tuzilgan shartnoma asosida oʻzlariga berilgan vakolatlar doirasida va oʻz huquqlari doirasida mualliflik huquqi va turdosh huquqlar egalarining manfaatlarini ifoda etadilar. Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni boshqarish bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilab qoʻyilgan davlat organi bergan litsenziyalar asosida va shu organning nazorati ostida ish olib boradilar. Ular tijorat faoliyati bilan shugʻullanishga va asarlardan foydalanishga haqli emas.
Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni boshqarish bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar oʻzlariga murojaat qilgan mualliflik huquqi yoki turdosh huquq egasining topshirigʻini oʻz zimmalariga olishlari shart. Bunday tashkilotlar topshiriqni oʻzlari ishlab chiqqan qoʻshiluv shartnomasi asosida bajarishlari mumkin. Shartnomada tashkilotning qilgan xarajatlari huquq egasi tomonidan qoplanishi nazarda tutilishi mumkin.
Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni boshqarish bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar shartnomalarga muvofiq oʻzlari olgan vakolatlar asosida boshqa shaxslarga (foydalanuvchilarga) asarlardan yoki turdosh huquqlar obyektlaridan foydalanishning tegishli usullari uchun litsenziyalar beradilar. Bunday litsenziyalarning shartlari bir toifadagi barcha foydalanuvchilar uchun bir xil boʻlmasligi kerak va yetarli asoslar boʻlmay turib litsenziya berishni rad etib boʻlmaydi.
Ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatib oʻtilgan tashkilotlardan boʻlak har qanday shaxslar mualliflik huquqi va turdosh huquqlar egalarining manfaatlarini umumiy asoslarda ifoda etishlari mumkin.
