41-modda. Mualliflik shartnomasining shartlari
Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida (272-I-son) · Sana: 30.08.1996 · Amalda
Mualliflik shartnomasida quyidagilar nazarda tutilishi kerak:
asardan foydalanish usullari (mazkur shartnoma asosida beriladigan konkret huquqlar);
asardan foydalanishning har bir usuli uchun toʻlanadigan haq miqdori va (yoki) toʻlanadigan haq miqdorini belgilash tartibi, uni toʻlashning tartibi va muddati.
Mualliflik shartnomasida asardan foydalanish huquqi qancha muddatga berilishi toʻgʻrisida shart boʻlmagan taqdirda, shartnoma tuzilgan sanadan boshlab besh yil oʻtganidan keyin, basharti foydalanuvchi shartnoma bekor qilinguniga qadar kamida olti oy oldin bu haqda yozma ravishda ogohlantirilgan boʻlsa, shartnoma muallif tomonidan bekor qilinishi mumkin.
Mualliflik shartnomasida asardan foydalanish huquqi amal qiladigan hudud doirasi toʻgʻrisida shart boʻlmagan taqdirda, shartnomaga binoan berilayotgan huquqning amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasi hududi bilan cheklanadi.
Shartnoma tuzilgan vaqtda asardan foydalanish haqidagi hali maʼlum boʻlmagan huquqlar mualliflikka doir shartnoma mavzusi boʻlishi mumkin emas.
Asardan foydalanganlik uchun toʻlanadigan haq miqdori taraflarning kelishuviga binoan mualliflik shartnomasida belgilab qoʻyiladi.
Basharti asarni nashr etish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish haqidagi mualliflik shartnomasida haq toʻlash qatʼiy summa tarzida belgilansa, shartnomada asarning eng koʻp tiraji belgilab qoʻyilishi shart.
Muallif yoki uning merosxoʻrlarining haq olishga boʻlgan huquqni rad etishi ahamiyatsizdir.
Mualliflik shartnomasi boʻyicha berilgan huquqlarni shartnomadagi istalgan taraf shartnomada bevosita nazarda tutilgan taqdirdagina boshqa shaxslarga toʻliq yoki qisman oʻtkazishi mumkin.
