28-modda. Asardan muallifning ismi-sharifini koʻrsatgan holda erkin foydalanish
Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida (272-I-son) · Sana: 30.08.1996 · Amalda
Asardan muallifning ismi-sharifini va olingan manbani koʻrsatgan holda hamda asardan normal foydalanilishiga zarar yetmaslik va muallifning qonuniy manfaatlarini kamsitmaslik sharti bilan quyidagi tarzda erkin foydalanishga yoʻl qoʻyiladi:
chop etilgan asarni ulardan olingan tsitatalar tarzida (asl nusxa tilida va tarjimada), shu jumladan gazeta va jurnallarning maqolalaridan olingan parchalar tarzida tsitatadan koʻzlangan maqsadga mos hajmda ilmiy, tadqiqot, tanqid va axborot maqsadlarida takrorlash hamda tarqatish;
chop etilgan asarlarni taʼlim va oʻquv tusidagi nashrlarda, radioeshittirish va telekoʻrsatuvlarda, audio va videoyozuvlarda misol tariqasida qoʻyilgan maqsadga loyiq hajmda takrorlash, texnika yordamida yozib olish va efir orqali berish;
kundalik siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va diniy masalalar yuzasidan gazeta va jurnallarda eʼlon qilingan maqolalar yoki efir orqali berilgan shu tusdagi asarlarni gazetalarda takrorlash, efirga uzatish, bunday foydalanish muallif tomonidan atayin taqiqlangan hollar bundan mustasno;
omma oldida soʻzlangan siyosiy nutqlar, murojaatlar, maʼruzalar va shunga oʻxshash asarlarni qoʻyilgan maqsadga mos hajmda gazetalarda takrorlash, efirga uzatish;
kundalik voqealar jarayonida koʻrish yoki eshitish mumkin boʻlgan asarlarni ana shunday voqealarning sharhlarida axborot maqsadiga mos hajmda takrorlash, omma oldida namoyish etish, efirga uzatish;
foyda olishni koʻzlamagan holda koʻzi ojizlar uchun qabariq nuqtali harflar yoki boshqa usullar bilan chop etilgan asarlarni takrorlash, foydalanishning ana shunday usullari uchun atayin yaratilgan asarlar bundan mustasno.
