231-modda. Utilizatsiya yigʻimi
Chiqindilar toʻgʻrisida (362-II-son) · Sana: 05.04.2002 · Amalda
Ekologik xavfsizlikni taʼminlash, fuqarolar sogʻligʻini va atrof-muhitni gʻildirakli transport vositalari, oʻziyurar mashinalar va ularning tirkamalari, pnevmatik rezinali shinalar va pokrishkalar oʻz isteʼmol xususiyatlarini yoʻqotganidan keyin hosil boʻladigan chiqindilarning zararli taʼsiridan himoya qilish maqsadida utilizatsiya yigʻimi toʻlanadi.
Utilizatsiya yigʻimi:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi tomonidan — gʻildirakli transport vositalari, oʻziyurar mashinalar va ularning tirkamalari, pnevmatik rezinali shinalar va pokrishkalar “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimiga joylashtirilganda;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasi tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilinadigan gʻildirakli transport vositalari, oʻziyurar mashinalar va ularning tirkamalari, pnevmatik rezinali shinalar va pokrishkalar ishlab chiqarilganda (yigʻilganda, tayyorlanganda) undiriladi.
Utilizatsiya yigʻimining miqdorlari, utilizatsiya yigʻimi toʻlanadigan gʻildirakli transport vositalarining, oʻziyurar mashinalarning va ular tirkamalarining, pnevmatik rezinali shinalar va pokrishkalarning turlari hamda toifalari, shuningdek utilizatsiya yigʻimini undirish, qaytarish va undan foydalanish tartibi qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
Gʻildirakli transport vositalari, oʻziyurar mashinalar va ularning tirkamalari, pnevmatik rezinali shinalar va pokrishkalar oʻz isteʼmol xususiyatlarini yoʻqotganidan keyin hosil boʻladigan chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni bajarish boʻyicha infratuzilmani tashkil etish uchun xarajatlar utilizatsiya yigʻimidan tushgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.
