38-modda. Xususiylashtirilgan yer uchastkasini rekvizitsiya qilish
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida (O‘RQ-552-son) · Sana: 13.08.2019 · Amalda
Xususiylashtirilgan yer uchastkasi tabiiy ofatlar, falokatlar, epidemiyalar, epizootiyalar hollarida va favqulodda xususiyatga ega boʻlgan boshqa holatlarda uning mulkdoridan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq olib qoʻyilishi (rekvizitsiya qilinishi) mumkin, bunda xususiylashtirilgan yer uchastkasining mulkdoriga yetkazilgan zararlarning oʻrni qoplanib, unga rekvizitsiya toʻgʻrisida hujjat beriladi.
Xususiylashtirilgan yer uchastkasini rekvizitsiya qilish faqat fuqarolarning, jamiyat va davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlarini favqulodda holatlar munosabati bilan yuzaga keladigan tahdidlardan himoya qilish maqsadida amalga oshiriladi.
Rekvizitsiya amalga oshirilishi bilan bogʻliq boʻlgan holatlarning amal qilishi tugagach, rekvizitsiya qilingan yer uchastkasining sobiq mulkdori saqlanib qolgan mol-mulkini oʻziga qaytarishni talab qilishga haqli.
Rekvizitsiya qilingan yer uchastkasini uning mulkdoriga qaytarib berishning imkoni boʻlmagan taqdirda, ushbu yer uchastkasi bozor qiymatining oʻrni qoplanadi yoki uning xohishiga koʻra teng qiymatdagi boshqa yer uchastkasi mulk qilib beriladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan holatlar yuzaga kelgan taqdirda, yer uchastkasini rekvizitsiya qilish zarurati mavjud boʻlmaganda yer uchastkasi ushbu holatlarning amal qilish muddati davrida vaqtincha foydalanish uchun egallanishi mumkin va yer uchastkasining mulkdoriga uning huquqlari vaqtincha cheklanishi tufayli yetkazilgan zararlarning oʻrni qoplanadi.
Yer uchastkasining mulkdoriga rekvizitsiya qilingan yer uchastkasining bozor qiymati qaysi baholashga muvofiq qoplansa, oʻsha baholash, rekvizitsiya qilish yoki yer uchastkasi mulkdorining huquqlarini vaqtincha cheklash munosabati bilan yetkazilgan zararlar yuzasidan xususiylashtirilgan yer uchastkasining mulkdori tomonidan sud tartibida nizolashilishi mumkin.
