37-modda. Xususiylashtirilgan yer uchastkasini natsionalizatsiya qilish
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida (O‘RQ-552-son) · Sana: 13.08.2019 · Amalda
Natsionalizatsiya yuridik va jismoniy shaxslarga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan, natsionalizatsiya qilinayotgan yer uchastkasiga boʻlgan mulk huquqini toʻlov asosida davlat tasarrufiga oʻtkazishdan iboratdir.
Xususiylashtirilgan yer uchastkasini natsionalizatsiya qilish:
faqat davlat va jamoat ehtiyojlari uchun hamda yer uchastkasi mulkdorining roziligi olinganida amalga oshiriladi;
yer uchastkasining mulkdori va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolat bergan davlat organi oʻrtasida teng shartlar asosida tuziladigan yer uchastkasining oldi-sotdi shartnomasi bilan rasmiylashtiriladi;
xususiylashtirilgan yer uchastkasining shartnoma qiymatini va boshqa zararlarning oʻrnini davlat tomonidan oldindan qoplash sharti bilan amalga oshiriladi.
Xususiylashtirilgan yer uchastkasini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun natsionalizatsiya qilishga faqat:
mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish va ularning faoliyat koʻrsatishi uchun yerlar berish;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
foydali qazilmalar konlarini aniqlash va qazib olish;
avtomobil va temir yoʻllarni, aeroportlarni, aerodromlarni, aeronavigatsiya obyektlarini va aviatexnika markazlarini, temir yoʻl transporti obyektlarini, koʻpriklar, metropolitenlar, tonnellarni, energetika tizimlari obyektlarini va elektr uzatish tarmoqlarini, aloqa tarmoqlarini, kosmik faoliyat obyektlarini, magistral quvurlarni, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish (rekonstruksiya qilish);
aholi punktlari bosh rejalarining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan obyektlarni qurishga taalluqli qismini ijro etish maqsadlarida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan boshqa hollarda yoʻl qoʻyiladi.
Xususiylashtirilgan yer uchastkasini tijorat maqsadida natsionalizatsiya qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Yer uchastkasining oldi-sotdi shartnomasini tuzishni davlat organi tomonidan tashabbus qilish yer uchastkalari natsionalizatsiya qilinishi rejalashtirilayotgan manfaatdor shaxslar bilan ochiq muhokama oʻtkazilganidan, shuningdek koʻriladigan naf va chiqimlar baholanganidan keyin amalga oshiriladi.
