22-modda. Xususiylashtiriladigan yer uchastkasining maydoni va chegaralarini aniqlash
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida (O‘RQ-552-son) · Sana: 13.08.2019 · Amalda
Yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan koʻchmas mulk obyektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish ularga boʻlgan mulk huquqini yoki ashyoviy huquqni tasdiqlovchi hujjatda koʻrsatilgan yer uchastkalarining maydoni va chegaralari doirasida amalga oshiriladi. Mazkur yer uchastkalarini xususiylashtirishda ularning maydoni va chegaralariga oʻzgartishlar kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Binolar va inshootlarga, ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlariga tutash boʻlgan, ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan yer uchastkalarini xususiylashtirish ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi. Mazkur yer uchastkalari xususiylashtirilayotganda ularning maydoni va chegaralari xususida sud tartibida nizolashilishi mumkin.
