9-modda. Sugʻurta agenti
Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida (358-II-son) · Sana: 05.04.2002 · Amalda
Sugʻurtalovchining nomidan va topshirigʻiga binoan sugʻurta shartnomasining tuzilishi va ijro etilishini tashkil qilish boʻyicha faoliyat yurituvchi yuridik yoki jismoniy shaxs sugʻurta agenti hisoblanadi.
Sugʻurtalovchining boshqaruv organlari rahbarlari sugʻurta agenti boʻla olmaydilar.
Sugʻurta agenti oʻz faoliyatini sugʻurtalovchilar bilan tuzilgan topshiriq shartnomalari (agent bitimlari) asosida amalga oshiradi.
Sugʻurta agenti faqat oʻzi bilan topshiriq shartnomasi (agent bitimi) tuzgan sugʻurtalovchi reyestriga kiritilganidan keyin oʻz faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
Quyidagilarga:
sugʻurta agentining tegishli turdagi sugʻurtani amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlmagan sugʻurtalovchilar nomidan sugʻurta shartnomalari tuzishiga;
agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi hududida sugʻurta boʻyicha sugʻurta agentining Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgilangan tartibda roʻyxatga olinmagan chet el sugʻurta tashkilotlari nomidan sugʻurta shartnomalari tuzish bilan bogʻliq boʻlgan vositachilik faoliyatiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Sugʻurta agenti — jismoniy shaxs oʻz nomiga, toʻlovlar naqd pullar bilan amalga oshirilganida esa yaqin qarindoshlari (otasi, onasi, xotini, eri, oʻgʻli, qizi, opa-singillari va aka-ukalari) nomiga sugʻurta shartnomalari boʻyicha hujjatlar yozishga, shuningdek oʻz foydasiga sugʻurta shartnomalari tuzishga va bunda mazkur sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta agenti sifatida ish koʻrishga haqli emas.
