81-modda. Sugʻurta hamda qayta sugʻurta brokerlarining huquq va majburiyatlari
Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida (358-II-son) · Sana: 05.04.2002 · Amalda
Sugʻurta va qayta sugʻurta brokerlari quyidagi huquqlarga ega:
sugʻurtaning (qayta sugʻurta qilishning) har qanday turi boʻyicha vakolatlar doirasida vositachilik faoliyatini amalga oshirish;
sugʻurta (qayta sugʻurta qilish) shartnomasi tuzilgan taqdirda, sugʻurtalovchini tanlash;
sugʻurtalovchidan litsenziyaning mavjudligi, ustav fondining miqdorlari, sugʻurta zaxiralari va qabul qilingan majburiyatlar toʻgʻrisida, shuningdek sugʻurtalovchining toʻlovga qobiliyatliligi va moliyaviy barqarorligiga doir boshqa koʻrsatkichlar haqida maʼlumotlar olish;
ekspert va maslahat xizmatlari koʻrsatish.
Sugʻurta va qayta sugʻurta brokerlari qonunchilikka hamda oʻzlari tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishlari mumkin.
Sugʻurta va qayta sugʻurta brokerlari:
sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
sugʻurta (qayta sugʻurta qilish) shartnomasini tuzish va ijro etish boʻyicha toʻliq, ishonchli hamda xolisona axborotni mijozlarning soʻrovlariga koʻra taqdim etishi;
mijozning tijorat sirini va boshqa sirini tashkil etadigan maʼlumotlarni oshkor qilmasligi.
qonunchilikda belgilangan axborotni maxsus vakolatli davlat organining talabiga koʻra taqdim etishi;
firma nomi, tashkiliy-huquqiy shakli va (yoki) joylashgan eri oʻzgargan taqdirda, bu haqda maxsus vakolatli davlat organini va sugʻurtalovchilarni xabardor qilishi;
qonunchilikda belgilangan tartibda buxgalteriya hisobini yuritishi, moliyaviy, statistika, soliq hisobotlarini va boshqa hisobotlarni tuzishi shart;
Sugʻurta va qayta sugʻurta brokerlarining zimmasida qonunchilikka hamda oʻzlari tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
