25-modda. Axborot olish huquqi
Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida (358-II-son) · Sana: 05.04.2002 · Amalda
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sudlar, tibbiyot, seysmologiya, veterinariya, gidrometeorologiya tashkilotlari hamda boshqa tashkilotlar sugʻurtalovchilarning va adjasterlarning soʻroviga koʻra sugʻurta hodisalarining roʻy berishi sabablari hamda holatlarini, shuningdek sugʻurta tovoni (sugʻurta puli) miqdorlarini sugʻurtalovchi va adjaster tomonidan aniqlash uchun zarur boʻlgan tegishli axborot va hujjatlarni taqdim etishi shart.
Maxsus vakolatli davlat organi sugʻurta bozorining professional ishtirokchilaridan qabul qilingan pul mablagʻlari va majburiyatlarining miqdorlari haqidagi axborotni, shuningdek boshqa axborotni oʻz vakolati doirasida talab qilib olishga haqli. Bunday axborotni talab qilib olish yozma ravishda, soʻrov sabablari koʻrsatilgan holda amalga oshirilmogʻi lozim.
Maxsus vakolatli davlat organi oʻzi olgan axborotning sir tutilishiga rioya etishi shart, axborotning oshkor qilinishi qonunda ruxsat etilgan hollar bundan mustasno.
