18-modda. Sugʻurtalovchilarni qayta tashkil etishning oʻziga xos xususiyatlari
Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida (358-II-son) · Sana: 05.04.2002 · Amalda
Sugʻurtalovchilarni qoʻshib yuborish, qoʻshib olish, boʻlish, ajratib chiqarish, oʻzgartirish shaklida qayta tashkil etish maxsus vakolatli davlat organining Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda beriladigan ruxsatnomasi bilan amalga oshirilishi mumkin.
Sugʻurtalovchi qayta tashkil etishga ruxsatnoma olish uchun maxsus vakolatli davlat organiga tegishli ariza bilan birga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
muassislarining (ishtirokchilarining) yoki taʼsis hujjatlarida shunday vakolat berilgan sugʻurtalovchi boshqaruv organining qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi qarori;
tuzilayotgan sugʻurtalovchining balansi va faoliyatining taxminiy moliyaviy natijalari;
qoʻshib yuborish yoki qoʻshib olish shartnomasining loyihasi (qoʻshib yuborish yoki qoʻshib olish shaklida qayta tashkil etilayotganda).
Sugʻurtalovchilarni qayta tashkil etishni oʻtkazish uchun berilgan ariza zarur hujjatlar taqdim etilgan kundan eʼtiboran oʻn besh kun ichida maxsus vakolatli davlat organi tomonidan koʻrib chiqilishi kerak.
Maxsus vakolatli davlat organi qabul qilingan qaror toʻgʻrisida sugʻurtalovchini yozma ravishda xabardor qilishi shart.
Maxsus vakolatli davlat organi quyidagi hollarda sugʻurtalovchilarni qayta tashkil etishga ruxsatnoma berishni rad qilishga haqli, agar:
sugʻurtalovchilarni qayta tashkil etish natijasida ularning moliyaviy barqarorligiga doir talablar buzilishi mumkin boʻlsa;
sugʻurtalovchilarning qayta tashkil etilishi sugʻurta bozorida raqobatning cheklanishiga yoki bartaraf etilishiga olib kelishi mumkin boʻlsa;
sugʻurtalovchilarni qayta tashkil etishga ruxsatnoma berilishi soʻrab taqdim qilingan hujjatlarda ishonchsiz maʼlumotlar boʻlsa yoxud bu hujjatlar qonunchilikka nomuvofiq boʻlsa;
sugʻurtalovchilarni qayta tashkil etish qonunchilikka zid boʻlsa.
Sugʻurtalovchilarni qayta tashkil etishni oʻtkazish uchun berilgan arizani takroran koʻrib chiqishda ushbu qayta tashkil etishni oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi xabarnomada ilgari koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha sugʻurtalovchilarni qayta tashkil etishni oʻtkazishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Boʻlish va ajratib chiqarish shaklida qayta tashkil etilganda sugʻurtalovchi (sugʻurtalovchilar) litsenziyasining amal qilishi tugatiladi. Qayta tashkil etish natijasida yangitdan tuzilgan sugʻurtalovchilarga litsenziyalar berish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Boʻlish va ajratib chiqarish shaklida qayta tashkil etilayotgan davr uchun hamda yangitdan tuzilgan sugʻurtalovchilar litsenziya olguniga qadar boʻlgan davrda ular yangi sugʻurta shartnomalarini tuzishga, amaldagi sugʻurta shartnomalarini uzaytirishga haqli emas, ilgari tuzilgan sugʻurta shartnomalari boʻyicha oʻz zimmalariga olingan, huquqiy vorislik tartibida oʻzlariga oʻtgan majburiyatlarni bajarish hollari bundan mustasno.
