17-modda. Sugʻurtalovchining litsenziyasi amal qilishi tugatilishining oʻziga xos xususiyatlari
Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida (358-II-son) · Sana: 05.04.2002 · Amalda
Litsenziyaning amal qilishi tugatilgan kundan eʼtiboran besh kun ichida maxsus vakolatli davlat organi sugʻurtalovchini tugatish toʻgʻrisidagi ariza bilan qonunchilikda belgilangan tartibda sudga murojaat etishi shart.
Sugʻurtalovchining ilgari amal qilgan boshqaruv organlarining vakolatlari toʻxtatib turiladi va maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tayinlagan sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyatiga oʻtadi. Muvaqqat maʼmuriyat sud qaror chiqargunga qadar boʻlgan davrda oʻz faoliyatini amalga oshiradi.
Sugʻurtalovchi muvaqqat maʼmuriyatining hisoboti maxsus vakolatli davlat organiga hamda sugʻurtalovchini tugatish toʻgʻrisida maxsus vakolatli davlat organining arizasi yoʻllangan sudga taqdim etiladi.
Sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyati oʻz faoliyati davrida xarajat operatsiyalarini amalga oshirishga haqli emas, sugʻurtalovchining boshqaruv xarajatlari (maʼmuriy xarajatlari), sugʻurtalovchiga tushayotgan pullarni hisobga yozish va ilgari tuzilgan sugʻurta shartnomalari boʻyicha sugʻurta hodisalari yuz berganda sugʻurta tovonini (sugʻurta pulini) toʻlash bilan bogʻliq hollar bundan mustasnodir.
Sugʻurtalovchi muvaqqat maʼmuriyatining ishlash tartibi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
Ushbu moddaning qoidalari sugʻurtalovchining arizasiga binoan litsenziya bekor qilingan hollarga, shuningdek uning muassislari (ishtirokchilari)ning yoki taʼsis hujjatlarida shunday vakolat berilgan sugʻurtalovchining boshqaruv organi qaroriga binoan qayta tashkil etilishi yoxud tugatilishiga taalluqli emas.
