9-modda. Fuqaroviy va xizmat quroli hamda uning oʻq-dorilari muomalasiga belgilanadigan cheklovlar
Qurol toʻgʻrisida (O‘RQ-550-son) · Sana: 29.07.2019 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi hududida quyidagilar taqiqlanadi:
1) fuqaroviy va xizmat quroli hamda uning oʻq-dorilari sifatida quyidagilarning muomalasi:
oʻqdon (baraban) sigʻimi oʻn dona patrondan ortiq, stvol uzunligi stvol qutisi bilan besh yuz millimetrdan va qurolning umumiy uzunligi sakkiz yuz millimetrdan kam boʻlgan uzun stvolli oʻqotar qurol, shuningdek tuzilishi oʻq otish imkoniyatini yoʻqotmagan holda uni sakkiz yuz millimetrdan kam uzunlikkacha buklash, siljitish yoki qismlarga ajratish imkonini beradigan qurolning;
boshqa ashyolarning shaklini takrorlovchi oʻqotar qurolning;
soyli stvolli oʻqotar qurolning patronlariga moslab tayyorlangan silliq stvolli oʻqotar qurolning;
stvolsiz oʻqotar qurolning (patron gilzasi stvol sifatida foydalaniladigan qurolning);
3D-printerida polimer va kompozit materiallardan chiqarilgan oʻqotar qurolning;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan normalarga muvofiq boʻlmagan chiqish parametrlariga ega boʻlgan elektroshok qurilmalarining, uchqun chiqargichlarning va boshqa qurilmalarning;
qoʻllanilishiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ruxsat etilmagan, asabni falajlaydigan, zaharli va boshqa kuchli taʼsir koʻrsatuvchi moddalar bilan toʻldirilgan gazli qurolning;
shikastlovchi taʼsiri radioaktiv nurlanish, kimyoviy va biologik (bakteriologik) omillardan foydalanishga asoslangan qurolning;
shikastlovchi taʼsiri elektromagnit, nur, issiqlik, infratovush yoki ultratovush nurlanishdan foydalanishga asoslangan qurol va boshqa anjomlarning;
tigʻining yoki keskichining (damining) uzunligi toʻqson millimetrdan ortiq boʻlgan, tugmasi yoki pishangi bosilganda sopidan avtomatik ravishda chiqariladigan va mahkamlanadigan yoxud ogʻirlik kuchi yoki tezkor harakat hisobiga surilib chiqadigan hamda avtomatik ravishda oʻrnashadigan tigʻli sovuq qurol va pichoqlarning;
uloqtiriladigan anjomi zirhteshar, yondiruvchi, havoda iz qoldiruvchi yoki portlovchi taʼsirga ega oʻq-dorilarning, shuningdek gazli toʻpponchalar va revolverlar uchun sochma oʻq-dorili patronlarning;
qurol sifatida qoʻllash uchun maxsus moslashtirilgan zarb berib-parchalovchi va uloqtiruvchi taʼsirga ega ashyolarning (gurzilar, kastetlar, surikenlar, bumeranglar va boshqa ashyolarning), bundan sport aslahalaridan foydalanish mustasno;
