31-modda. Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga fuqaroviy qurolni hamda uning oʻq-dorilarini olib kirish va Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqish, Oʻzbekiston Respublikasi hududida saqlash, olib yurish va ulardan foydalanish
Qurol toʻgʻrisida (O‘RQ-550-son) · Sana: 29.07.2019 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar turistik faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyasi mavjud boʻlgan yuridik shaxsning taklifnomasi, ushbu yuridik shaxs bilan ov qilish uchun tuzilgan shartnoma yoki sport tadbirlarida ishtirok etish uchun taklifnoma mavjud boʻlgan hamda fuqaroviy qurol muomalasiga ushbu Qonunda nazarda tutilgan cheklovlarni inobatga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan beriladigan tegishli ruxsatnoma mavjud boʻlgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga ov va sport qurolini hamda uning oʻq-dorilarini olib kirishi mumkin. Olib kirilgan ov va sport quroli hamda uning ishlatilmagan oʻq-dorilari shartnomada yoki taklifnomada belgilangan muddatlarda Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqilishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasida turgan davrda fuqaroviy qurolni va uning oʻq-dorilarini Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan qurol olish uchun berilgan ruxsatnomalarga koʻra saqlashi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ushbu Qonunda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tartibda fuqaroviy qurolni va uning oʻq-dorilarini saqlash, olib yurish hamda ulardan foydalanish huquqiga ega.
Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga oʻzini oʻzi himoya qilish qurolini olib kirish taqiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan fuqaroviy qurolni va uning oʻq-dorilarini olib chiqish muddatlarining, shuningdek ularni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish hamda ulardan Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanish tartibining buzilishi ularning olib qoʻyilishiga sabab boʻladi.
