19-modda. Qurol bilan mukofotlash
Qurol toʻgʻrisida (O‘RQ-550-son) · Sana: 29.07.2019 · Amalda
Maxsus organlarning va harbiy tuzilmalarning harbiy xizmatchilari hamda xodimlari ularning rahbarlari buyruqlari asosida olgan qurol, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, chet davlatlar rahbarlarining hamda chet davlatlar hukumatlari rahbarlarining mukofotlashga oid hujjatlari asosida olingan qurol mukofot qilingan quroldir. Mukofot qilingan qurolni saqlashga va olib yurishga doir ruxsatnoma ichki ishlar organlari tomonidan beriladi.
Mukofot qilingan qurolni saqlash va olib yurishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati cheklanmaydi.
Qatorasiga oʻq uzish imkoniyatini beradigan, shuningdek ushbu Qonunning 9-moddasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi hududida muomalasi taqiqlangan qurol mukofot qilinadigan qurol boʻlishi mumkin emas.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi qatorasiga oʻq uzish imkoniyatini beradigan, shuningdek ushbu Qonunning 9-moddasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi hududida muomalasi taqiqlangan qurol bilan mukofotlangan taqdirda, ushbu qurol olingan kundan eʼtiboran bir kunlik muddatda ichki ishlar organiga topshirilishi lozim.
Mukofotga berilgan jangovar yoki xizmat qurolini sotishga va meros qilib olishga, shuningdek uning oʻq dorilarini olishga yoʻl qoʻyilmaydi.
