132-modda. Qurolga egalik qilishga qarshi koʻrsatmalar mavjud emasligi yuzasidan tibbiy tekshiruvdan oʻtish tartibi
Qurol toʻgʻrisida (O‘RQ-550-son) · Sana: 29.07.2019 · Amalda
Tibbiy tekshiruv tibbiyot muassasasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining tekshiruvdan oʻtayotgan fuqarosining yoki yuridik shaxs xodimining shaxsini tasdiqlovchi hujjat (identifikatsiyalovchi ID-kartasi, pasporti yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat) koʻrsatilgan holda, ichki ishlar organlarining yoʻllanmasi asosida oʻtkaziladi.
Tibbiy tekshiruv tibbiyot muassasasi tomonidan ichki ishlar organlarining yoʻllanmasi taqdim etilgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddat ichida oʻtkaziladi.
Tibbiy tekshiruvni oʻtkazish uchun tibbiyot muassasasi tomonidan maxsus tibbiy komissiya tuziladi. Tibbiy komissiya tarkibi tibbiyot muassasasining maʼmuriyati tomonidan tasdiqlanadi.
Tibbiy komissiya tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish bilan bogʻliq maʼlumotlarni qayd etish uchun tibbiy tekshiruvdan oʻtayotgan shaxslarning ambulatoriya kartalarini yuritadi.
Ambulatoriya kartasida tibbiy tekshiruvni oʻtkazishda ishtirok etayotgan barcha shifokorlar va mutaxassislarning tibbiy tekshiruvdan oʻtayotgan shaxs toʻgʻrisidagi tibbiy xulosalari koʻrsatilishi kerak.
Tibbiy tekshiruvdan oʻtayotgan shaxsni tekshirish uning doimiy yashash joyi boʻyicha ruhiy-asab kasalliklari va narkologiya dispanserlarida tibbiy komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
Tibbiyot muassasasi tibbiy komissiyaning tibbiy tekshiruv natijalari boʻyicha qurolga egalik qilishga qarshi koʻrsatmalar mavjudligi (mavjud emasligi) toʻgʻrisidagi xulosasini elektron shaklda rasmiylashtiradi hamda tibbiy tekshiruv oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran bir ish kuni ichida xulosa yoʻllanma bergan ichki ishlar organiga axborotning maxfiyligi taʼminlangan holda, pochta aloqasi vositalari yoki axborot tizimi orqali yuboriladi.
Xulosa tibbiy komissiya rahbarining imzosi va tibbiyot muassasasining muhri bilan tasdiqlanadi.
Tibbiy komissiyaning xulosasi berilgan paytdan eʼtiboran oʻttiz kun ichida amal qiladi.
