131-modda. Qurolga egalik qilishga qarshi koʻrsatmalar mavjud emasligi yuzasidan tibbiy tekshiruv
Qurol toʻgʻrisida (O‘RQ-550-son) · Sana: 29.07.2019 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va maxsus xizmat vazifalariga ega boʻlgan yuridik shaxslarning xodimlari ichki ishlar organlarining yoʻllanmalari boʻyicha quyidagi tartibda davlat sogʻliqni saqlash organlarining tibbiyot muassasalarida (bundan buyon matnda tibbiyot muassasalari deb yuritiladi) qurolga egalik qilishga qarshi koʻrsatmalar mavjud emasligi yuzasidan davriy tibbiy tekshiruvlardan oʻtishi kerak:
Oʻzbekiston Respublikasining birinchi marta qurol va uning oʻq-dorilarini olayotgan fuqarolari, shuningdek qurolni saqlashga va olib yurishga, kolleksiyalashga yoki koʻrgazmaga qoʻyishga doir ruxsatnomalarning amal qilish muddatlarini uzaytirishda — doimiy yashash joyi boʻyicha tibbiyot muassasalarida;
yuridik shaxsning qurol va uning oʻq-dorilari but saqlanishini, berilishi-qabul qilib olinishini, hisobga olinishini taʼminlash majburiyatlari oʻz zimmasiga yuklatilgan yoxud xizmat qurolini olib yurish va undan foydalanish huquqidan foydalanadigan xodimlari qurolni saqlashga va (yoki) olib yurishga doir ruxsatnomalarni olishda hamda ularning amal qilish muddatini uzaytirishda — doimiy yashash joyi boʻyicha tibbiyot muassasalarida yoxud maxsus xizmat vazifalariga ega boʻlgan yuridik shaxs va tibbiyot muassasasi oʻrtasidagi shartnomaga muvofiq belgilangan tibbiyot muassasalarida.
Ichki ishlar organlarining tibbiy tekshiruvdan oʻtishga doir yoʻllanmasining amal qilishi muddati u berilgan kundan eʼtiboran oʻn kunni tashkil etadi.
Tibbiy tekshiruv ushbu Qonunning 1 va 2-ilovalarida koʻrsatilgan kasalliklar yoki jismoniy nuqsonlar mavjud emasligini aniqlash maqsadida pulli asosda oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasining qurolni va uning oʻq-dorilarini birinchi marta olayotgan yoki qurolni saqlash va olib yurishga, kolleksiyalashga yoxud koʻrgazmaga qoʻyishga doir ruxsatnomalarning amal qilish muddatlarini uzaytirayotgan fuqarosining doimiy yashash joyi boʻyicha birgalikda yashovchi yaqin qarindoshlari hamda boshqa shaxslar doimiy yashash joyi boʻyicha ruhiy kasalliklar va narkologiya dispanserlarida hisobda turishi boʻyicha tekshiriladi.
Davlat sogʻliqni saqlash organlarining tibbiy tekshiruvdan oʻtkazishni amalga oshirishga ruxsat berilgan tibbiyot muassasalari roʻyxati, tibbiy tekshiruvni oʻtkazganlik uchun tariflarning miqdorlari va tibbiy tekshiruv natijalariga doir xulosaning shakli Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
