35-modda. Turistlar va ekskursantlarning xavfsizligi kafolatlari
Turizm toʻgʻrisida (O‘RQ-549-son) · Sana: 18.07.2019 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi hududida turistlar va ekskursantlarning xavfsizligi davlat tomonidan kafolatlanadi.
Vakolatli davlat organi manfaatdor vazirliklar, idoralar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda turistlar hamda ekskursantlarning xavfsizligini va himoya qilinishini, jamiyat va davlat manfaatlarini, turizmdan shaxslarning qonunga xilof migratsiyasi, ularning mehnatini ekspluatatsiya qilish hamda ularni boshqacha tarzda ekspluatatsiya qilish maqsadida foydalanishga qarshi kurashishni taʼminlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar ishlab chiqadi.
Xavfsizlikni taʼminlash chora-tadbirlari turistlar va ekskursantlarning shaxsiy xavfsizligi, ularning mol-mulki but saqlanishi, atrof tabiiy muhitga, jamiyatning moddiy hamda maʼnaviy qadriyatlariga, davlat xavfsizligiga zarar yetkazilishining oldini olish taʼminlanishini nazarda tutadi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari barcha turistik yoʻnalishlar boʻyicha turistlar va ekskursantlarning himoya qilinishini va xavfsizligini taʼminlash boʻyicha hududiy dasturlar ishlab chiqadi hamda ularning bajarilishini tashkil etadi.
Turizm sohasi subyektlari turistlar va ekskursantlarning xavfsizligini taʼminlash, tabiiy ofatlar chogʻida, ular jarohatlanganda, kasallikka chalinganda hamda boshqa hollarda tibbiy va oʻzga tarzda yordam koʻrsatish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqadi.
Vakolatli davlat organi turoperatorlarni, turagentlarni, turistlar va ekskursantlarni vaqtincha boʻlish mamlakatidagi (joyidagi) turistlar hamda ekskursantlarning xavfsizligiga nisbatan tahdid toʻgʻrisida xabardor qiladi, shuningdek xavfsizlikka nisbatan tahdid mavjud boʻlganligi sababli borib koʻrish uchun tavsiya etilmaydigan mamlakatlar (joylar) roʻyxatini ommaviy axborot vositalariga, shu jumladan oʻzining rasmiy veb-saytiga joylashtiradi.
Muassislari (hammuassislari) davlat organlari boʻlgan ommaviy axborot vositalari vakolatli davlat organiga turistlar va ekskursantlarning xavfsizligiga nisbatan tahdid haqidagi axborotni eʼlon qilish imkoniyatini darhol va bepul taqdim etadi.
Turistlar va ekskursantlar yuqumli kasalliklarning yuqori darajadagi xavfiga uchrashi mumkin boʻlgan vaqtincha boʻlish mamlakatiga (joyiga) sayohatni amalga oshirish boshlanguniga qadar xalqaro tibbiy talablarga muvofiq profilaktikadan oʻtishi shart.
Turistlar va ekskursantlar guruhlarini kuzatib boruvchi shaxslar birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun dasturiy asosda minimal tibbiy tayyorgarlikka, tibbiy buyumlarga hamda dori qutichasiga ega boʻlishi shart.
