33-modda. Taqdimnoma
Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi toʻgʻrisida (O‘RQ-546-son) · Sana: 01.07.2019 · Amalda
Yakuniy nazorat jarayonida Davlat budjeti daromadlarining tasdiqlangan prognozi bajarilmaganligi va budjetga toʻlovlar boʻyicha soliq qarzdorligi kamaymaganligi aniqlangan taqdirda Hisob palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasiga hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasiga, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlariga hududiy moliya organlarining, davlat soliq va bojxona xizmati organlarining rahbarlariga nisbatan intizomiy jazo choralarini qoʻllash toʻgʻrisida taqdimnomalar kiritishga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari ijro etilmaganligi uchun, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari sifatli tarzda hamda oʻz vaqtida ijro etilmaganligi, shu jumladan ularning ijrosi toʻgʻrisidagi axborot qonunchilikda belgilangan tartibda “ijro.gov.uz” axborot tizimi orqali toʻliq, haqqoniy tarzda va oʻz vaqtida taqdim etilmaganligi uchun, Hisob palatasi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga va boshqa tashkilotlarga ularning xodimlariga nisbatan intizomiy jazo choralarini qoʻllash toʻgʻrisida taqdimnomalar kiritishga haqli.
Hisob palatasining taqdimnomasi Hisob palatasi raisi yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining Reglamentida belgilangan hollarda Hisob palatasi raisining birinchi oʻrinbosari yoki oʻrinbosarlari tomonidan qabul qilinadi.
Hisob palatasining taqdimnomasi aniqlangan kamchiliklar haqidagi axborotni va intizomiy jazo choralarini qoʻllash masalasini koʻrib chiqish, shuningdek bunday kamchiliklarning yuzaga kelishiga imkon beruvchi sabablar va sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi talabni oʻz ichiga olishi kerak.
Hisob palatasining taqdimnomasi kiritilgan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay bajarilishi kerak.
Taqdimnomaning bajarilishi natijalari boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar haqida Hisob palatasi yozma shaklda xabardor qilinadi.
