32-modda. Koʻrsatma
Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi toʻgʻrisida (O‘RQ-546-son) · Sana: 01.07.2019 · Amalda
Yakuniy nazorat jarayonida nazorat obyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyatida va boshqa faoliyatida davlatga zarar keltirayotgan hamda shu sababli kechiktirmasdan barham berish talab etiladigan buzilishlar, shuningdek yakuniy nazorat natijalari boʻyicha, shu jumladan davlat organlari va oʻzga tashkilotlarning soliqlar hamda boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish uchun foydalaniladigan maʼlumotlar bazasining haqqoniyligini tekshirishdagi buzilishlar aniqlanganda Hisob palatasi nazorat obyektlarining yoki yuqori tashkilotning rahbarlariga aniqlangan kamchiliklar va qoidabuzarliklarni bartaraf etish, davlatga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash hamda qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish choralarini koʻrish uchun koʻrsatma yuborishga haqli.
Hisob palatasining koʻrsatmasi Hisob palatasi raisi tomonidan yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi Reglamentida belgilangan hollarda Hisob palatasi raisining birinchi oʻrinbosari yoki oʻrinbosarlari tomonidan qabul qilinadi.
Hisob palatasining koʻrsatmasi aniqlangan kamchiliklar va qonunchilikning buzilishlari toʻgʻrisidagi hamda ularni bartaraf etish, shuningdek bunday buzilishlarning yuzaga kelishiga imkon beruvchi sabablar va sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan choralar koʻrish haqidagi talablarni oʻz ichiga olishi kerak.
Hisob palatasining koʻrsatmasi unda koʻrsatilgan muddatda yoki, agar muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, u nazorat obyektiga kiritilgan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida bajarilishi kerak. Koʻrsatmani bajarish muddati Hisob palatasi raisining qarori bilan yana shu muddatga, lekin bir martadan oshmagan holda uzaytirilishi mumkin. Koʻrsatmaning bajarilishi natijalari boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida Hisob palatasi nazorat obyekti rahbari yoki uning yuqori turuvchi tashkiloti tomonidan yozma shaklda xabardor qilinadi.
