27-modda. Hisob palatasining Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari oʻrtasidagi nisbatning maqbulligini, mahalliy davlat hokimiyati organlarining daromadlarga oid vakolatlari hamda xarajatlar boʻyicha majburiyatlari chegaralanishining toʻgʻriligini baholash, ularning oʻzini oʻzi moliyaviy jihatdan yetarlicha taʼminlashiga doir takliflar ishlab chiqish sohasidagi funksiyalari
Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi toʻgʻrisida (O‘RQ-546-son) · Sana: 01.07.2019 · Amalda
Hisob palatasi Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari oʻrtasidagi nisbatning maqbulligini, mahalliy davlat hokimiyati organlarining daromadlarga oid vakolatlari hamda xarajatlar boʻyicha majburiyatlari chegaralanishining toʻgʻriligini baholash, ularning oʻzini oʻzi moliyaviy jihatdan yetarlicha taʼminlashiga doir takliflar ishlab chiqish sohasida:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining shakllantirilishi va ijro etilishini, ularning mutanosibligini tahlil qiladi hamda ular ustidan nazoratni amalga oshiradi;
yuqori turuvchi va quyi turuvchi budjetlar oʻrtasidagi belgilangan umumdavlat soliqlari ajratmalari normativlarining, budjetlararo ajratiladigan transfertlarning asosliligini oʻrganadi;
yuqori turuvchi va quyi turuvchi budjetlar oʻrtasidagi xarajatlar boʻyicha majburiyatlarning chegaralanishi toʻgʻriligini baholaydi;
mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni hal etishdan kelib chiqqan holda barcha darajadagi budjetlar oʻrtasidagi moliyaviy resurslar nisbatini maqbullashtirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi.
