25-modda. Hisob palatasining budjet tizimi budjetlarining mablagʻlari va davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarning maqsadga muvofiqligi, asosliligi hamda samaradorligini baholash sohasidagi funksiyalari
Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi toʻgʻrisida (O‘RQ-546-son) · Sana: 01.07.2019 · Amalda
Hisob palatasi budjet tizimi budjetlarining mablagʻlari va davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarning maqsadga muvofiqligi, asosliligi hamda samaradorligini baholash sohasida:
budjet tizimi budjetlarining mablagʻlari va davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarning shakllantirilishi yuzasidan monitoring oʻtkazadi hamda nazorat qiladi;
budjet tizimi budjetlarining mablagʻlari va davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarning toʻliq hamda samarali bajarilishi ustidan nazorat qiladi;
davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish hisobidan amalga oshirilgan va yakunlangan loyihalarni auditdan oʻtkazadi, audit natijalari haqidagi axborotni har chorak oxirida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuboradi.
