24-modda. Hisob palatasining budjet tizimi budjetlarining va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalarning amalga oshirilayotgan xarajatlari samaradorligi hamda qonuniyligini auditdan oʻtkazish, bu xarajatlarni barcha darajalarda qisqartirish imkoniyatlarini aniqlash sohasidagi funksiyalari
Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi toʻgʻrisida (O‘RQ-546-son) · Sana: 01.07.2019 · Amalda
Hisob palatasi budjet tizimi budjetlarining va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalarning amalga oshirilayotgan xarajatlari samaradorligi hamda qonuniyligini auditdan oʻtkazish, bu xarajatlarni barcha darajalarda qisqartirish imkoniyatlarini aniqlash sohasida:
Davlat budjetining, davlat maqsadli jamgʻarmalari va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalar budjetlarining xarajatlar qismi ijro etilishi yuzasidan monitoring yuritadi;
budjet mablagʻlaridan, davlat maqsadli jamgʻarmalarining va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalarning mablagʻlaridan maqsadli, oqilona hamda samarali foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining budjet ssudalari va kredit liniyalaridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlar huzuridagi missiyalari va vakolatxonalari tomonidan chet el valyutasidagi mablagʻlardan toʻgʻri va maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat qiladi;
Davlat budjetining ijro etilishi va budjet tizimi budjetlarining barcha darajalarida davlat mablagʻlarining sarflanishi ustidan nazoratni amalga oshiradi hamda davlat xarajatlarini qisqartirish imkoniyatlarini aniqlash choralarini koʻradi;
moliya organlari, shu jumladan gʻaznachilik boʻlinmalari tomonidan budjet tizimi budjetlari mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi ustidan nazorat qilishga doir vazifalarning bajarilishi samaradorligini tahlil qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining bank hisobvaraqlaridagi mablagʻlar shakllantirilishining qonuniyligi, ularning maqsadli va samarali sarflanishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotni tashqi auditdan va baholashdan oʻtkazadi, ular yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xulosalar taqdim etadi;
