24-modda. Kredit uyushmasining taftish komissiyasi
Kredit uyushmalari toʻgʻrisida (355-II-son) · Sana: 04.04.2002 · Amalda
Kredit uyushmasining moliya-xoʻjalik faoliyatini muntazam tekshirib borish uchun taftish komissiyasi tuziladi.
Taftish komissiyasi umumiy yigʻilish tomonidan kredit uyushmasi aʼzolari orasidan kamida uch kishidan iborat tarkibda saylanadi.
Taftish komissiyasi aʼzolari kengash, kredit qoʻmitasi va ijro etuvchi organ aʼzosi boʻlishlari mumkin emas.
Taftish komissiyasi aʼzolari buxgalteriya hisobi, moliya sohasida tegishli maʼlumotga yoki ish tajribasiga ega boʻlishlari kerak.
Taftish komissiyasi kredit uyushmasining buxgalteriya, moliya, toʻlov va boshqa hujjatlarining barchasidan erkin foydalanish huquqiga ega.
Taftish komissiyasi:
kredit uyushmasi aʼzolarining pay badallari toʻlashini, kreditlar olishi va ulardan foydalanishini tekshirib boradi;
oʻtkazilgan tekshirishlarning natijalari yuzasidan kredit uyushmasi aʼzolarining umumiy yigʻilishiga hamda kengashga yozma hisobotlar va xulosalar taqdim etadi;
qonun hujjatlari va ustav talablari buzilgan hollarni koʻrib chiqish uchun kredit uyushmasi aʼzolarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Kredit uyushmasi aʼzolarining umumiy yigʻilishi taftish komissiyasining tegishli qarori qabul qilinganidan keyin qirq kundan kechiktirmay oʻtkazilishi kerak.
Taftish komissiyasining aʼzosi kredit uyushmasidan olgan kreditni toʻlashni uch oydan koʻproq vaqtga kechiktirgan taqdirda, u taftish komissiyasi tarkibidan chiqarilishi kerak. Kreditni toʻlash kechiktirilgan paytdan boshlab mazkur aʼzoni belgilangan tartibda taftish komissiyasi tarkibidan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilinguniga qadar u taftish komissiyasi ishida ishtirok etishdan chetlatib qoʻyiladi.
Taftish komissiyasining aʼzosi kengashning barcha majlislarida maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etishi mumkin.
