23-modda. Kredit uyushmasining kredit qoʻmitasi
Kredit uyushmalari toʻgʻrisida (355-II-son) · Sana: 04.04.2002 · Amalda
Kredit qoʻmitasi kreditlar berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi, olingan kreditlar oʻz vaqtida qaytarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Kredit qoʻmitasi tarkibiga kredit uyushmasi kengashi tomonidan saylanadigan ijro etuvchi organ rahbari hamda kredit uyushmasining toʻrt nafar aʼzosi kiradi. Kredit qoʻmitasi aʼzolari kredit uyushmasi kengashi va taftish komissiyasining aʼzolari boʻla olmaydilar.
Kredit qoʻmitasining majlisi har oyda kamida bir marta oʻtkaziladi, agar majlisda aʼzolarning kamida yarmi ishtirok etsa, u vakolatli hisoblanadi. Kredit qoʻmitasining qarorlari majlisda ishtirok etayotgan kredit qoʻmitasi aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Kredit qoʻmitasining aʼzosi kredit uyushmasidan olgan kreditni toʻlashni uch oydan koʻproq vaqtga kechiktirgan taqdirda, u kredit qoʻmitasi tarkibidan chiqarilishi kerak. Kreditni toʻlash kechiktirilgan paytdan boshlab mazkur aʼzoni belgilangan tartibda kredit qoʻmitasi tarkibidan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilinguniga qadar u kredit qoʻmitasi ishida ishtirok etishdan chetlatib qoʻyiladi.
Kredit qoʻmitasi oʻz faoliyati toʻgʻrisida kengashga har oyda hisobot taqdim etishi kerak.
