32-modda. Fond taftish komissiyasining tekshiruvlar oʻtkazishi
Jamoat fondlari toʻgʻrisida (527-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Fondning moliyaviy faoliyatini va fond boshqaruvi tomonidan pul mablagʻlari toʻgʻri sarflanayotganligini hamda boshqa mol-mulkdan toʻgʻri foydalanilayotganligini tekshirishni fond vasiylik kengashining qaroriga binoan fond taftish komissiyasi fondning bir yillik yoki boshqa muddatdagi faoliyati yakunlari boʻyicha amalga oshiradi.
Fondning mansabdor shaxslari fond taftish komissiyasining talabiga binoan komissiyaga fondning moliyaviy faoliyati toʻgʻrisidagi hujjatlarni taqdim etishi shart.
Fondning moliyaviy faoliyatini tekshirish natijalari asosida fond taftish komissiyasi quyidagilarni oʻz ichiga olgan xulosa tayyorlaydi:
hisobotlardagi va boshqa moliyaviy hujjatlardagi maʼlumotlarning ishonchli ekanligiga berilgan baho;
buxgalteriya hisobi yuritilishi va moliyaviy hisobot taqdim etish tartibi buzilganligi hollari toʻgʻrisidagi maʼlumot;
aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar, shuningdek fond moliyaviy faoliyati samaradorligini oshirishga oid takliflar.
