31-modda. Fondning taftish komissiyasi
Jamoat fondlari toʻgʻrisida (527-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Fondning moliyaviy faoliyatini hamda uning pul mablagʻlari toʻgʻri sarflanishi va mol-mulkidan toʻgʻri foydalanilishini nazorat qilish uchun kamida uch kishidan iborat tarkibda fond taftish komissiyasi tuziladi.
Fond taftish komissiyasining aʼzolari fond vasiylik kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi. Fond taftish komissiyasining tarkibi, vakolatlari va faoliyat muddati fond ustavida belgilanadi.
Fond taftish komissiyasining aʼzolari ayni bir vaqtning oʻzida fondning vasiylik kengashi va boshqaruvi aʼzosi boʻlishi mumkin emas.
Fond taftish komissiyasi fond vasiylik kengashining navbatdan tashqari yigʻilishi chaqirilishini talab qilishga haqli.
Fond ustavida fondning taftish komissiyasi aʼzolariga haq toʻlash hamda ularning oʻz vazifalarini bajarish bilan bogʻliq xarajatlarini kompensatsiya qilish nazarda tutilishi mumkin. Toʻlanadigan bunday haq va kompensatsiya miqdori fondning ustaviga muvofiq fond vasiylik kengashi tomonidan belgilanadi.
