27-modda. Fond vasiylik kengashining vakolatlari
Jamoat fondlari toʻgʻrisida (527-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Fond vasiylik kengashining vakolatlariga quyidagilar kiradi:
fond faoliyati ustidan hamda ushbu faoliyat qonunchilik va fond ustaviga, fond vasiylik kengashining qarorlariga muvofiq boʻlishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
fond ustaviga kiritiladigan oʻzgartishlar va qoʻshimchalarni tasdiqlash;
fondning boshqaruvi va taftish komissiyasini tuzish;
fondning pul mablagʻlari va boshqa mol-mulkidan foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
fond budjetini tasdiqlash;
fondning yillik balansini, yillik moliyaviy hisobotini, shu jumladan fond boshqaruvining oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini tasdiqlash;
fond faoliyatini navbatdan tashqari tekshirish uchun auditorlik tashkilotini jalb etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
fond boshqaruvining fond ustavida belgilangan maqsad va vazifalarga zid boʻlgan qarorlari ijrosini toʻxtatib qoʻyish yoki ularni bekor qilish;
fondni qayta tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish.
Fondning ustavida fond vasiylik kengashining vakolatlariga boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.
Fond vasiylik kengashining vakolatlariga kiritilgan masalalar hal etish uchun fondning boshqaruvi yoki taftish komissiyasiga oʻtkazilishi mumkin emas.
Fondning vasiylik kengashi fondning boshqa organlaridan fond faoliyatiga taalluqli hujjatlarni talab qilish va olishga haqli.
Fond vasiylik kengashining qarorlari fondning boshqaruvi va boshqa organlari, fond xodimlari uchun majburiy hisoblanadi.
