914-modda. Videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilgan tergov harakati jarayoni va natijalarini qayd qilish
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqlari himoya qilinishini taʼminlash bilan bogʻliq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-542-son) · Sana: 23.05.2019 · Amalda
Videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilgan tergov harakati jarayoni va natijalari elektron maʼlumotlarni tashuvchi tegishli vositalarga bayonnoma tuzilgan holda yoziladi va qayd etiladi.
Tergov harakatining bayonnomasi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud va topshiriqni bajaruvchi mansabdor shaxs tomonidan tuziladi. Videokonferensaloqa materiallari bayonnomaga qoʻshib qoʻyiladi.
Tergov harakatining bayonnomasi ushbu Kodeksda nazarda tutilgan umumiy qoidalarga rioya qilingan holda tuziladi va unda jinoyat protsessi ishtirokchilari koʻrsatuvlarining mohiyati aks ettiriladi.
Videokonferensaloqa yozuvining vaqti oʻtkazilgan tergov harakatining aniq vaqtiga mos kelishi kerak. Videokonferensaloqa jarayonidagi tanaffuslar yuzasidan izoh berilishi hamda ular videoyozuvda va bayonnomada aks ettirilishi kerak.
Videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilgan tergov harakati bayonnomasi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud, topshiriqni bajarayotgan mansabdor shaxs hamda tergov harakatining boshqa ishtirokchilari tomonidan imzolanadi. Topshiriqni bajarayotgan mansabdor shaxs tomonidan tuzilgan bayonnoma surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga yuboriladi”;
2) 121-modda quyidagi mazmundagi uchinchi — oltinchi qismlar bilan toʻldirilsin:
“Jinsiy erkinlikka qarshi, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar savdosiga oid jinoyat ishlari boʻyicha voyaga yetmagan guvohni yoki jabrlanuvchini soʻroq qilish, shuningdek boshqa holatlarda soʻroq qilish, agar buni odil sudlovning yoki voyaga yetmagan shaxsning manfaatlari talab etsa, stenografiya, videokuzatuv, shuningdek audio- va video qayd etish tizimlari bilan jihozlangan maxsus xonada qonuniy vakil, pedagog yoki psixolog ishtirokida oʻtkazilishi mumkin.
Soʻroqni stenografiya, videokuzatuv, shuningdek audio- va video qayd etish tizimlari bilan jihozlangan maxsus xonalarda oʻtkazish tartibi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan belgilanadi.
Zarur boʻlgan hollarda, himoyachi, voyaga yetmagan shaxsning qonuniy vakili, pedagog yoki psixolog savollarni surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudning ruxsati bilan qayta tuzish huquqiga ega, bunda savollarning mohiyati oʻzgartirilmaydi.
