“241-modda. Parlament nazorati subyektlariga Vazirlar Mahkamasining koʻmaklashishini taʼminlash
Baʼzi davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-536-son) · Sana: 10.05.2019 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakili parlament nazorati subyektlariga Vazirlar Mahkamasining koʻmaklashishini taʼminlaydi, xususan:
Davlat budjeti loyihasining Oliy Majlis palatalari koʻrib chiqishi uchun taqdim etilishini taʼminlaydi;
Davlat budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotning Qonunchilik palatasiga taqdim etilishini taʼminlaydi;
Vazirlar Mahkamasining oʻtgan yilgi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari va navbatdagi yil uchun nazarda tutilgan asosiy ustuvorliklar toʻgʻrisidagi har yilgi maʼruzasi Oliy Majlis palatalariga taqdim etilishini taʼminlaydi;
zarur boʻlganda Bosh vazirning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining ayrim dolzarb masalalari yuzasidan hisobotini Oliy Majlis palatalari tomonidan eshitishni tashkil etish choralarini koʻradi;
hukumat aʼzolarining oʻz faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axborotini eshitishni tashkil etish choralarini koʻradi;
Vazirlar Mahkamasining aʼzolariga, davlat boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga yuborilgan parlament soʻroviga, shuningdek Qonunchilik palatasi deputatining yoki Senat aʼzosining soʻroviga oʻz vaqtida javob yuborilishini taʼminlashga koʻmaklashadi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining, Oliy Majlis palatalari qarorlarining ijro etilishi holatini, huquqning qoʻllanilish amaliyotini Oliy Majlis palatalarining qoʻmitalari tomonidan oʻrganish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish boʻyicha choralar koʻradi, shuningdek davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining, mazkur yoʻnalishdagi boshqa tashkilotlarning ishini muvofiqlashtirib boradi;
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar rahbarlarining ular tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga rioya etilishi, Oliy Majlis palatalarining, ular kengashlarining qarorlari, qoʻmitalari va komissiyalarining qarorlari bajarilishi toʻgʻrisidagi axborotini eshitishda ishtirok etadi”.
