“6-modda. Tekshiruvchi mansabdor shaxslarga qoʻyiladigan talablar
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrimlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida (175-II-son) · Sana: 15.12.2000 · Amalda
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirish nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari tomonidan amalga oshiriladi. Nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda attestatsiyadan oʻtkazilishlari lozim.
Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirishiga belgilangan namunadagi maxsus guvohnoma va ushbu Qonunning 9 va 12-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgani taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Tekshiruvga auditorlik tashkilotlari va (yoki) ekspertlar jalb etilgani taqdirda, nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsi tomonidan nazorat qiluvchi organ va auditorlik tashkiloti va (yoki) ekspert oʻrtasidagi shartnomaning koʻchirma nusxasi albatta taqdim etiladi. Shartnomada auditor va (yoki) ekspertning familiyasi, ismi, otasining ismi, ish joyi va lavozimi koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Auditor va (yoki) ekspert xulosasining toʻgʻriligi va uning Qonun hujjatlariga muvofiqligi uchun auditorlik tashkiloti va (yoki) ekspertning javobgarligi tuziladigan shartnomaning zaruriy sharti hisoblanadi. Auditorlik tekshiruvlari va ekspertizalarni oʻtkazish xarajatlari nazorat qiluvchi organlar hisobiga amalga oshiriladi”;
3) 9-moddasining matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Nazorat qiluvchi organlar tomonidan yuridik shaxs boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini rejali tekshirish, shu jumladan taftishdan oʻtkazish uchun, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, quyidagilar asos boʻladi:
maxsus vakolatli organ yoki uning tegishli hududiy boʻlinmasi tomonidan berilgan, xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirishni oʻtkazishning muvofiqlashtiruvchi rejasidan koʻchirma;
nazorat qiluvchi organning muvofiqlashtiruvchi reja asosida chiqargan buyrugʻi yoxud maxsus vakolatli organning rejadan tashqari tekshirish, shu jumladan taftish oʻtkazish toʻgʻrisidagi hamda tekshirish maqsadi, tekshiruvchi mansabdor shaxslar tarkibi va tekshiruvni oʻtkazish muddatlari koʻrsatilgan qarorlari.
Prokuratura, ichki ishlar va milliy xavfsizlik xizmati organlari tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirish uchun qoʻzgʻatilgan jinoiy ish mavjudligi asos boʻladi. Bunda tekshiruvga xoʻjalik yurituvchi subyektning faqat qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi bilan bogʻliq faoliyati qamrab olinishi mumkin boʻlib, bu haqda tekshiruvni tayinlash toʻgʻrisidagi qarorda koʻrsatilgan boʻlishi lozim”;
