9-modda. Maʼmuriy nazorat muddati
Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan maʼmuriy nazorat toʻgʻrisida (O‘RQ-532-son) · Sana: 02.04.2019 · Amalda
Maʼmuriy nazorat olti oydan bir yilgacha muddatga oʻrnatiladi. Maʼmuriy nazorat muddati maʼmuriy nazoratni oʻrnatish toʻgʻrisida sud tomonidan qaror chiqarilgan paytdan eʼtiboran, maʼmuriy nazorat jazoni ijro etish muassasalaridan shaxsni ozod etish chogʻida oʻrnatilgan hollarda esa, nazorat ostidagi shaxs tanlagan yashash joyiga yetib kelgan paytdan eʼtiboran hisoblanadi.
Maʼmuriy nazorat muddatining oʻtishi quyidagi hollarda toʻxtatib turiladi:
nazorat ostidagi shaxsga qidiruv eʼlon qilinganda;
nazorat ostidagi shaxs sud tomonidan bedarak yoʻqolgan deb topilganda.
Nazorat ostidagi shaxs maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etgan taqdirda, maʼmuriy nazorat muddati ichki ishlar organining taqdimnomasi boʻyicha sud tomonidan olti oygacha boʻlgan muddatga, lekin sudlanganlik holatining tugallanishi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi muddatidan ortiq boʻlmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
