7-modda. Maʼmuriy nazorat chogʻida belgilanadigan maʼmuriy cheklovlar
Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan maʼmuriy nazorat toʻgʻrisida (O‘RQ-532-son) · Sana: 02.04.2019 · Amalda
Nazorat ostidagi shaxslarga nisbatan sudning sodir etilgan qilmishning xususiyati hisobga olingan holdagi qarori asosida quyidagi maʼmuriy cheklovlar belgilanishi mumkin:
yashash joyidan sutkaning belgilangan vaqtida tashqarida boʻlishni taqiqlash;
muayyan joylarda boʻlishni taqiqlash;
sud tomonidan belgilangan hudud doirasidan ichki ishlar organlarining ruxsatisiz chiqishni taqiqlash;
roʻyxatdan oʻtish uchun har oyda bir martadan toʻrt martagacha ichki ishlar organiga (ichki ishlar organining tayanch punktiga) kelish;
alkogolli ichimliklarni isteʼmol qilishni taqiqlash.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan maʼmuriy cheklovlar nazorat ostidagi shaxsning turmush tarziga, oilaviy ahvoliga, shuningdek uning shaxsini tavsiflovchi boshqa holatlarga qarab toʻliq hajmda yoki alohida-alohida tarzda belgilanadi.
Maʼmuriy cheklovlarning roʻyxati uzil-kesil boʻlib, unga qoʻshimchalar kiritilishi yoki u kengaytirib sharhlanishi mumkin emas.
Qoʻllaniladigan maʼmuriy cheklovlar sud tomonidan ichki ishlar organining taqdimnomasiga yoki nazorat ostidagi shaxsning yoxud uning vakilining arizasiga, shuningdek mehnat jamoasining, jamoat birlashmasining va fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining iltimosnomasiga binoan nazorat ostidagi shaxsning turmush tarzi va xulq-atvori haqidagi maʼlumotlar inobatga olingan holda qisman bekor qilinishi mumkin.
