19-modda. Ichki ishlar organlari tomonidan nazorat ostidagi shaxslarga beriladigan ruxsatnomalar
Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan maʼmuriy nazorat toʻgʻrisida (O‘RQ-532-son) · Sana: 02.04.2019 · Amalda
Maʼmuriy nazoratni amalga oshiruvchi ichki ishlar organi nazorat ostidagi shaxsga yashash joyidan tashqarida boʻlish va (yoki) sud tomonidan belgilangan hudud doirasidan qisqa muddatga chiqish uchun oʻn kundan koʻp boʻlmagan muddatga quyidagi shaxsiy holatlar munosabati bilan ruxsatnoma beradi:
yaqin qarindoshining oʻlimi yoki ogʻir kasalligi;
ishga joylashish yoki tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish zarurati;
taʼlim muassasalariga qabul qilish chogʻida kirish imtihonlarini topshirish zarurati.
Ushbu modda birinchi qismining birinchi xatboshisida koʻrsatilgan ruxsatnoma quyidagi hollarda bir oygacha boʻlgan muddatga berilishi mumkin:
nazorat ostidagi shaxsning tibbiy yordam olishi yoki sogʻliqni saqlash muassasalarida davolanishdan oʻtishi zarur boʻlganda;
tabiiy ofat yoki boshqa favqulodda vaziyatlar munosabati bilan yashash joyida bundan buyon istiqomat qilishning imkoni boʻlmasa;
sud tomonidan belgilangan hudud doirasidan tashqarida taʼlim olganda.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan muddat oshib ketgan taqdirda, maʼmuriy nazorat nazorat ostidagi shaxsning turgan joyi boʻyicha amalga oshiriladi.
