31-modda. Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining davlat reyestri va ularning saqlanishi
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida (O‘RQ-518-son) · Sana: 06.02.2019 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining davlat reyestri Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini roʻyxatdan oʻtkazish, hisobga olish va ularning elektron nusxalarini saqlashning yagona davlat tizimidir.
Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining davlat reyestri Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari haqidagi, shu jumladan ularning rekvizitlarini va axborot-maʼlumotnoma tusidagi boshqa maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.
Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining davlat reyestri Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tasarrufida boʻladi va u Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini roʻyxatdan oʻtkazish, hisobga olish hamda ularning asl nusxalarini va depozitariy tomonidan rasman tasdiqlangan nusxalarini saqlash tartibini belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan tuzilayotgan xalqaro shartnomalarning asl nusxalari (tasdiqlangan koʻchirma nusxalari, rasmiy tarjimalari) ular imzolangan (depozitariydan tasdiqlangan koʻchirma nusxalari, rasmiy tarjimalari olingan) kundan eʼtiboran ikki haftalik muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga saqlash uchun topshiriladi, ushbu hujjatlarning koʻchirma nusxalari esa, ular kuchga kirgan kundan eʼtiboran ikki haftalik muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining tegishli davlat organlariga va boshqa tashkilotlariga yuboriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi idoralararo shartnomalarining asl nusxalari mazkur shartnomalar qaysi davlat organlari nomidan tuzilgan boʻlsa, oʻsha davlat organlarida saqlanadi, ushbu shartnomalarning tasdiqlangan koʻchirma nusxalari esa, ular imzolangan (depozitariydan tasdiqlangan koʻchirma nusxalari, rasmiy tarjimalari olingan) kundan eʼtiboran ikki haftalik muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga va boshqa manfaatdor davlat organlariga yuboriladi.
