13-modda. Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni vasiyatnomada koʻrsatilgan shaxslarga, merosxoʻrlarga, vasiyatnomani ijro etuvchiga, huquqiy vorislarga, notarial va konsullik muassasalariga taqdim etish
Bank siri toʻgʻrisida (530-II-son) · Sana: 30.08.2003 · Amalda
Jismoniy shaxs vafot etgan taqdirda bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar vasiyatnomada koʻrsatilgan shaxslarga, merosxoʻrlarga va vasiyatnomani ijro etuvchiga ushbu Qonunda belgilangan tartibda, xizmat koʻrsatuvchi bank tomonidan taqdim etiladi.
Notarial va konsullik muassasalari ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hollarda, agar bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnomani berish chogʻida meros mol-mulkning tarkibi va joylashgan yerini tekshirish uchun zarur boʻlsa, ushbu maʼlumotlarni olish huquqiga ega.
Qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlari uning huquqiy vorislariga huquqiy vorislikni tasdiqlovchi hujjatlarga asosan taqdim etiladi.
Agar ushbu moddaning birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida koʻrsatilgan subyektlarning bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni taqdim etish toʻgʻrisidagi murojaatlari qonunchilikka muvofiq taqdim etilmasa, bank kamchiliklarni va murojaatni koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan hujjatlar roʻyxatini koʻrsatgan holda ariza beruvchini bu haqda besh ish kuni ichida xabardor qiladi.
Yuqorida koʻrsatilgan shaxslar tomonidan hujjatlar qonunchilikka muvofiq taqdim etilganda bank murojaat etuvchiga tegishli mijoz toʻgʻrisidagi toʻliq axborotni va barcha hujjatlarni yopiq va muhrlangan konvertda yoki axborot tizimi orqali elektron hujjat tarzida himoyalangan aloqa kanallari vositasida besh ish kuni ichida taqdim etishi shart.
