8-modda. Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining huquqlari
Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida (69-II-son) · Sana: 25.05.2000 · Kuchini yo'qotgan
Tadbirkorlik faoliyati subyektlari quyidagilarga haqli:
qonun hujjatlariga muvofiq oʻziga tegishli mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish;
mustaqil ravishda ishlab chiqarish dasturini shakllantirish, mahsulot yetkazib beruvchilarni va oʻz mahsulotining (ishlari, xizmatlarining) isteʼmolchilarini tanlash;
tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad (foyda) olish va uni oʻz ixtiyoriga koʻra tasarruf etish, tovarlar (ishlar, xizmatlar) bozorida ustun mavqeni egallab turgan tadbirkorlik faoliyati subyektlari bundan mustasno;
oʻz mahsulotini (ishlari, xizmatlarini), ishlab chiqarish chiqindilarini bozor konyunkturasidan kelib chiqib, mustaqil ravishda belgilanadigan narxlar va tariflar boʻyicha yoki shartnoma asosida realizatsiya qilish, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
binolar, inshootlar, uskunalar va boshqa mol-mulkni olish va (yoki) ijaraga olish, shu jumladan lizing yoʻli bilan;
belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
