56-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqaro aviatsiyasining aviatsiya xodimlarini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida (1186-son) · Sana: 02.11.2002 · Amalda
Moddaga, burundan nafas olishning butunlay yoʻqligi yoki keskin qiyinligi bilan burun toʻsigʻining qiyshayishi, yuqori nafas yoʻllari shilliq qavatining distrofiyasi, nafas olish va soʻzlash faoliyatini buzilishiga sabab boʻluvchi oʻzgarishlar (burun chigʻanoqlari gipertrofiyasi, adenoid vegetatsiyalari, davolanishdan keyingi xavfsiz oʻsmalar), tashqi eshituv yoʻlining ekzostazlari, quloq atrofidagi osteomalar va radikal operatsiyadan keyingi surunkali yiringli mezo- va epitimpanitlar kiradi. Koʻrsatilgan kasalliklarni operativ davolagandan keyin, faoliyatlar tiklanishi hisobga olinib, oʻqish va ishga yaroqlilik masalasi 56.2-modda boʻyicha hal qilinadi.
Radikal operatsiyadan keyin, operatsiyadan keyingi boʻshliqning toʻliq hamda turgʻun epidermizatsiyasida va eshitish funksiyasi saqlanganda, koʻrikdan oʻtuvchilar yaroqli deb hisoblanadi.
Eshitishni tiklash operatsiyalarini oʻtkazgan shaxslar (timpanoplastika, stapedoplastika), I, II, III ustun boʻyicha yaroqsiz deb hisoblanadi.
Ushbu moddaga parodont kasalligi, koʻpchilik tishlari yoʻqligi, olinadigan protezlar, gingivitlar, leykoplakiyalar, tishlar jipslashuvi anomaliyasi kiradi. Soʻzlash qobiliyati olib yechiladigan protezlar yechilganidan keyin baholanadi. Chaynash funksiyasi moʻtadil buzilgani bilan birgalikda koʻpchilik tishlari yoʻq boʻlsa, komissiya oraliq davrida protezlash tavsiya etiladi. III darajali tishlar jipslashuvi (yuqori va pastki jagʻning kurak tishlar orasidagi masofa vertikal va sagittal yoʻnalishda 10 mm dan koʻp boʻlib) va II darajadagi (6 mm dan 10 mm gacha) tishlar jipslashuvi boʻlsa, 56.1-modda asosida ekspert xulosasi chiqariladi.
I darajali tishlar jipslashuvi (kurak tishlar orasidagi masofa 5 mm dan kam boʻlsa) 56.2-moddaga tegishli.
