41-modda. Faxriy konsulning funksiyalari
Oʻzbekiston Respublikasining Konsullik ustavini tasdiqlash toʻgʻrisida (O‘RQ-517-son) · Sana: 17.01.2019 · Amalda
Faxriy konsul quyidagi konsullik funksiyalarini bajarishi mumkin:
konsullik okrugi hududida vaqtincha turgan yoki doimiy yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining hisobini yuritishni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash;
konsullik okrugi hududida bedarak yoʻqolgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini qidirish boʻyicha choralar koʻrish;
konsullik okrugi hududida turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga ularning oʻz saylov huquqlarini va Oʻzbekiston Respublikasining referendumlarida ishtirok etishga boʻlgan huquqini amalga oshirishda konsullik muassasasi bilan kelishuvga koʻra koʻmaklashish;
konsullik okrugi hududida doimiy yashayotgan, ustidan vasiylik va homiylik belgilanishi talab qilinadigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha choralar koʻrish;
konsullik okrugi hududida turgan Oʻzbekiston Respublikasining havo, dengiz va daryo kemalariga, avtomobil hamda temir yoʻl transporti vositalarining harakatdagi tarkibiga, shuningdek ularning ekipajlari va yoʻlovchilariga zarur yordam koʻrsatish.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida va Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida Faxriy konsulning boshqa funksiyalari nazarda tutilishi mumkin.
