40-modda. Oʻzbekiston Respublikasi faxriy konsulining maqomi
Oʻzbekiston Respublikasining Konsullik ustavini tasdiqlash toʻgʻrisida (O‘RQ-517-son) · Sana: 17.01.2019 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi konsullik muassasasi joylashgan davlatning roziligi bilan ayrim konsullik funksiyalarini bajarishni Oʻzbekiston Respublikasining faxriy konsuliga (bundan buyon matnda Faxriy konsul deb yuritiladi) topshirishi mumkin.
Konsullik muassasasi joylashgan davlatda munosib ijtimoiy mavqeni egallagan va zarur shaxsiy fazilatlarga ega, shuningdek zimmasiga yuklatilgan konsullik funksiyalarini lozim darajada bajarish imkoniyatiga ega shaxslardan boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi ham, chet el fuqarosi ham Faxriy konsul boʻlishi mumkin.
Faxriy konsul Oʻzbekiston Respublikasining davlat xizmatida turmaydi va oʻz funksiyalarini bajarganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasidan biron-bir pul mukofoti olmaydi.
Faxriy konsul Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Faxriy konsul oʻz funksiyalarini Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasi yoki qaysi konsullik okrugi hududida faoliyat koʻrsatayotgan boʻlsa, oʻsha konsullik muassasasi joylashgan davlatdagi konsullik muassasasi rahbarligi ostida bajaradi. Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi mavjud boʻlmagan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bunday rahbarlikni Faxriy konsul turgan davlatga qoʻshni yoxud uning oʻzi turgan davlatga yaqin boʻlgan davlatlardan birida joylashgan Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasiga yoxud konsullik muassasasiga topshiradi.
Faxriy konsul oʻzi turgan davlat bilan kelishuvga koʻra va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining roziligi bilan bir vaqtning oʻzida boshqa chet davlatning Faxriy konsuli majburiyatlarini bajarishi mumkin.
