15-modda. Konsullikning fuqarolarga va yuridik shaxslarga taalluqli funksiyalari
Oʻzbekiston Respublikasining Konsullik ustavini tasdiqlash toʻgʻrisida (O‘RQ-517-son) · Sana: 17.01.2019 · Amalda
Konsullikning mansabdor shaxsi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslariga Oʻzbekiston Respublikasi hamda konsullik muassasasi joylashgan davlat ishtirokchi boʻlgan xalqaro shartnomalarda, xalqaro urf-odatlarda, shuningdek konsullik muassasasi joylashgan davlatning qonunchiligida berilgan barcha huquqlardan foydalanishi uchun, agar bunday huquqlar Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga zid boʻlmasa, choralar koʻrishi shart.
Konsullikning mansabdor shaxsi Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda jismoniy va yuridik shaxslarning ogʻzaki, yozma yoxud elektron shakldagi murojaatlarini qabul qiladi hamda koʻrib chiqadi.
Konsullikning mansabdor shaxsi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslarining buzilgan huquqlarini tiklash uchun choralar koʻrishi shart.
Konsullikning mansabdor shaxsi Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, idoralari, korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining konsullik okrugi doirasida turgan vakillariga xizmat majburiyatlarini bajarishida koʻmaklashadi.
Konsullikning mansabdor shaxsi konsullik okrugida vaqtincha turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini konsullik muassasasi joylashgan davlatning qonunlari va boshqa normativ hujjatlari toʻgʻrisida, shuningdek mahalliy urf-odatlar toʻgʻrisida xabardor qiladi.
Konsullikning mansabdor shaxsi konsullik okrugida turgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolariga madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazishda koʻmaklashadi.
Konsullikning mansabdor shaxsi konsullik muassasasi joylashgan davlatning muassasalarida, agar ushbu davlatda fuqaro yoki yuridik shaxsning vakili mavjud boʻlmasa va u ish yuritishni oʻzga shaxsga topshirmagan boʻlsa yoxud boshqa sabablarga koʻra oʻzining qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qodir boʻlmasa, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari va yuridik shaxslari nomidan ishonchnomasiz vakillik qilish huquqiga egadir. Ushbu vakillik Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari yoki yuridik shaxslari oʻz vakillarini tayinlaguniga qadar yoxud oʻz huquq va manfaatlarini himoya qilishni oʻz zimmasiga olguniga qadar davom etadi.
