14-modda. Konsullikning mansabdor shaxslari tomonidan konsullik funksiyalarini bajarish
Oʻzbekiston Respublikasining Konsullik ustavini tasdiqlash toʻgʻrisida (O‘RQ-517-son) · Sana: 17.01.2019 · Amalda
Konsullikning mansabdor shaxsi ushbu Konsullik ustavida, Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida hamda Oʻzbekiston Respublikasi va konsullik muassasasi joylashgan davlat ishtirokchi boʻlgan xalqaro shartnomalarda nazarda tutilgan funksiyalarni bajaradi.
Konsullikning mansabdor shaxsi, agar Oʻzbekiston Respublikasining hamda konsullik muassasasi joylashgan davlatning qonunchiligiga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi va konsullik muassasasi joylashgan davlat ishtirokchi boʻlgan xalqaro shartnomalarga zid boʻlmasa, ushbu Konsullik ustavida nazarda tutilmagan boshqa funksiyalarni bajarishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasi mavjud boʻlmagan davlatlarda konsullikning mansabdor shaxsi zimmasiga konsullik muassasasi joylashgan davlatning roziligi bilan diplomatik funksiyalar ham yuklatilishi mumkin.
Konsullikning mansabdor shaxsi tomonidan boshqa davlatning konsullik funksiyalarini bajarish faqat Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining koʻrsatmasiga binoan va konsullik muassasasi joylashgan davlatning roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
Konsullikning mansabdor shaxsi konsullik funksiyalarini uchinchi davlatda faqat Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining topshirigʻiga binoan, konsullik muassasasi joylashgan davlat va uchinchi davlat xabardor qilinganidan keyin, agar mazkur davlatlar bunga qarshi eʼtiroz bildirmasa, bajaradi.
Konsullikning mansabdor shaxsi konsullik funksiyalarini bajarish chogʻida oʻz konsullik okrugi doirasida konsullik muassasasining faoliyati bilan bogʻliq barcha masalalar yuzasidan konsullik muassasasi joylashgan davlatning hokimiyat organlariga murojaat etishi mumkin.
Zarur hollarda, konsullikning mansabdor shaxsi konsullik okrugini aylanib chiqadi.
Konsullik mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) yoki qarorlari ustidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq konsullik muassasasining boshligʻiga, Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasasi joylashgan davlatdagi diplomatik vakolatxonasi boshligʻiga va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yoxud sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
